16:45:33 UmmoN Gruxi Saytimiz Mexmoni. | |
«Ummon» guruhi «Edalvays» restoranidagi konsert zalida repetisiya qilayotganini aniqladim. Borganimizda, afsuski, qo'shiqlar muallifi, xonanda Zohid Rixsiev yo'q edi. «Istiqlol» san'at saroyida rejissyorlik qiladigan qiz Umida Toshmatova meni «Ummon»ning ikki xonandasi Jasur Rafiqov va Shohruh Isomuhamedov bilan tanishtirdi… - «Ummon» day bo'lolmaysan» qo'shig'ida 2007 yilda faoliyat boshlangani haqida kuylanadi, aslida ijod qachon, qanday boshlangan? Jasur Rafiqov: - Birgalikdagi ijodni 2007 yilning avgustida boshlaganmiz. Undan avval yakkaxon tarzda qo'shiq kuylab yurardik. Dastlab guruh nomi «Jazo» edi. Biroq turli salbiy fikrlar bildirilgach, «Ummon» deb o'zgartirdik. - Nima uchun «Jazo» deb nomlangan ediyu nega aynan «Ummon»ga aylandi? Jasur Rafiqov: : - «Jazo», bu - men va Zohidning ismidan olingan, ya'ni «Ja» - Jasur, «Zo» - Zohid. Aytib o'tganimdek, bu nom keskin tanqidlarga uchradi. To'g'ri, «Jazo» og'ir nom edi. Shundan keyin «Ummon» deb yangi nom topdik. «Ummon» shu ma'nodaki, ijodimiz va muxlislarimiz ummondek cheksiz bo'lsin. - «Ummon baribir ummon-de», «Ummon»day bo'lolmaysan» qo'shiqlarida kimlargadir qarata achchiq gaplar aytilgandek. Shu o'rinda muxlisangiz Noila Yahyoevaning (19 yosh) savoli: nega «Ummon»ning dushmanlari ko'p? Jasur Rafiqov: - Kimlardir qo'shiqlarimizni tinglab, zavqlanadi, orom oladi, xotiralarga cho'madi. Biz bunday insonlarga kerakmiz! Ayrimlar esa, aksincha, ko'rolmaydi, hasad qiladi. Biroq kimlargadir qarata achchiq gaplar aytib qo'shiq kuylamaganmiz. «Ummon» baribir ummon-de», «Ummon»day bo'lolmaysan» qo'shiqlari yozilishga sabab shuki, biz haqimizda turli mishmishlar tarqaldi. Muxlislarimiz shunga javoban qo'shiq kuylashimizni iltimos qilishdi. Bu qo'shiqlarda ijodimizni kuylaganmiz, qolaversa, muxlislarimizga salomlar ham bor. Umuman, har kim qo'shiqdan o'ziga tegishli narsani olaveradi. - Mutaxassislar qo'shiqlaringizni eng arzon va oddiy qo'shiqlar deyishdi. Bunga qanday fikr bildirasiz? Jasur Rafiqov: - Qanday baho berish har kimning o'ziga havola. Balki kimgadir arzon va oddiy qo'shiq bo'lib tuyular. Biz hammasini o'zimiz bajaramiz, aniqrog'i, hamma qo'shiqlarni Zohid yozadi. - She'ri va musiqasini hammi? Jasur Rafiqov: - Ha, hammasini. - Biror shoir yoki havaskor muxlis she'r bersa, kuylashlaringiz mumkinmi? Jasur Rafiqov: - Albatta, kuylaymiz. Ma'no- mazmuni, janri to'g'ri kelsa, bizga yoqsa, bas. Shuni aytishim mumkinki, repertuarimizni boyitish uchun katta shoirlar va boshqa ijodkorlar bilan ishlashni rejalashtirganmiz. - Kuchli yozuvchi bo'lish uchun avvallari soat to'rtda uyqudan turib, kun davomida o'n besh- o'n olti soatlab o'z ustimda ishlardim, hikoyalar yozardim. «Ummon»da ijodiy jarayon qanday kechadi? Shohruh Isomuhamedov: - Biz asosan kechasi ijod qilamiz. Studiyada tungi soat ikki-uchlargacha, hatto tonggacha qolib ketgan damlarimiz bo'ladi. Jasur Rafiqov: - Shunday qo'shiqlarimiz borki, bir kechada, ya'ni uch-to'rt soatda tayyorlangan, shundaylari borki, oylab vaqt sarflanadi. Masalan, «Xiyonat» qo'shig'i ustida olti oy ishladik, «Paxtakor» qo'shig'i esa bir kunda tayyor bo'ldi. Hamma gap ishtiyoqda, ilhomda. Biroq kuchli qo'shiq uchun baribir ko'p vaqt kerak, jiddiy ishlash lozim. «Xiyonat» qo'shig'i tayyor bo'lishi, birinchidan, ovoz yo'nalishida yangilik qilishga uringanimiz uchun uzoq cho'zildi. Ikkinchisi - qiziq sabab. Agar qo'shiqni tinglagan bo'lsangiz, Zohidning ovozi sal boshqacha, chunki u shamollab qolgan edi. Qo'shiqning bir qancha qismi tayyor bo'lgan kunlari u sog'aydi. Qo'shiqning oxirigacha ovoz bir xil bo'lishi uchun yana shamollab qolishini kutdik. - Darvoqe, «Paxtakor» qo'shig'i «Radius 21»ning «Chempion» qo'shig'iga o'xshab ketarkan… Jasur Rafiqov: - Ochig'i, bunday fikrni birinchi eshitishim. - Yozuvchilar faqat kitob yozib yasholmaydi, ular qaerdadir boshqa ish bilan mashg'ul bo'lib, oilasini boqishi kerak. Qo'shiqchilar esa hech qaerda ishlamay, faqat ijod bilan yashasa bo'ladi. Biroq shunda ham qo'shiqlari bilan butun dunyoni zabt etadigan xonandalar yo'q. «Ummon» guruhi kelajakda qanday guruh bo'ladi? Jahon miqyosiga chiqoladimi? Jasur Rafiqov: - Kelajakda qanday bo'lishimizni aytolmayman, lekin yanada kuchliroq bo'lishga harakat qilayapmiz. Balki jahon miqyosiga ham chiqarmiz. - Muxlisangiz, pochta xodimasi Dilbar Qipchoqova (20 yosh) savoli: «Ummon» yigitlari qaerda o'qiydi yoki ishlaydi? Jasur Rafiqov: - Men madaniyat kollejining rejissyorlik fakultetini tugatganman. Zohid politexnika kollejini tamomlagan. Ikkimiz hech qaerda ishlamaymiz, faqat san'at bilan shug'ullanamiz, Shohruh esa o'qiydi. Sh. I.: - Kollejni bitirib, Toshkent agrar universitetiga o'qishga kirdim, hozir 3-kurs talabasiman. - Nega endi Agrar universiteti? Kelajakda boshqa rejalar bormi? Sh. I.: - Yigit kishiga qirq hunar ham oz, deyishgan. - «Ummon» guruhi hech qanday reklamasiz, oddiy telefonlar orqali 15-20 yoshlar orasida eng mashhur guruhga aylanib bo'ldi. Sabab Jasur Rafiqov: - Eng katta yutuqlarimizdan biri internet deb o'ylayman. Qo'shiqlarimiz internet orqali keng tarqalayapti. Deyarli barcha saytlarga qo'shiqlarimiz joylashtirilgan. Ayrim saytlarga qo'shiqlarni o'zimiz bergan bo'lsak, boshqalari o'zlari olib, joylashtirishgan. Masalan, radiolar ham o'zlari olib, efirga uzatishadi. Telefonlarga, fleshkalarga, disklarga internetdan yozib olishsa kerak. - Internetdan boshqa san'atkorlar ham foydalanadi. Biroq yoshlar qalbini hamma ham «Ummon»dek ommaviy zabt etolmayapti. «Qo'shiqlaridagi mazmun voqealar orqali beriladi, sevgi, dard, armon hammaga tushunarli va hayotiy» deyishdi yosh-yosh muxlislaringiz… Jasur Rafiqov: - Ha, biz yoshlarning ko'nglidagi kechinmalarni hayotiy, tushunarli va voqeiy qilib berishga juda katta e'tibor qaratamiz, uning-buning hayotidan olamiz. Balki shu eng asosiy yutug'imizdir. Buning uchun yoshlarning hayotini kuzatamiz, dardini tinglaymiz, aniq va mavjud dardni kuylaymiz. Qo'shiqlarimiz tayyor bo'lgach, darrov muxlislarga taqdim etmaymiz. Unga-bunga eshittiramiz, bachkana joyi yo'qmi, deb so'raymiz, fikr- maslahat olamiz. - «Azob» qo'shig'ida bir voqea tasvirlangan. «O'n sakkiz yoshli qiz turg'azdi mani oyoqqa» degan jumla bor. O'sha qizning sizlarga aloqasi bormi? Sh. I.: - Yo'q. Unda sovuqda qolib ketgan yigitning hayotini saqlab qolgan qiz haqida gap ketayapti. - Sizlarni san'atga o'n sakkiz yoshli qiz olib kirib, oyoqqa turg'azgan, degan yashirin ma'no yo'qmi? Sh.I.: - Albatta, yo'q! Biz san'atga o'z qiziqishimiz bilan kirib kelganmiz, hech qanday qiz olib kirmagan. Hammasiga o'z kuchimiz bilan erishganmiz. - Homiylaringiz ham yo'qmi? Jasur Rafiqov: - Hammasini o'z pulimiz bilan amalga oshirganmiz. Konsertlardan tushgan mablag'ga 2010 yilda shaxsiy «Ummon Media» studiyasini ochdik. - To'ylarga ham chaqirishadimi? Qaerlarga? Jasur Rafiqov: - Asosan Toshkent shahriga. Bundan tashqari vodiy to'ylariga ham ko'p takliflar tushadi. Sh. I.: - Qozog'istonga ham borib turamiz. - Hammangizni badavlat xonadon farzandlari deb o'ylagandim… Sh. I.: - Oddiy oiladan chiqqanmiz. Jasur Rafiqov: - Onam bog'chada tarbiyachi bo'lgan, hozir uy bekasi. Otam stomotologiyada ishlaydi. San'atga kirib kelishimga sabab - qiziqish. Avvaldan qiziqib, havas qilganman, qo'shiqlar ijro etib yurganman. Oilada uchinchi farzandman. Ikkita akam, bitta singlim, bitta ukam bor. Sh. I.: - Adam metallurgiya zavodida ishlaydi, oyim bog'chada hamshira. Oilada ikkinchi farzandman. Akam va singlim bor. - Zohidning oilasi-chi? Jasur Rafiqov: - Zohid ham oddiy oiladan. U to'ng'ich farzand. Bitta singlisi bor. Onasi uy bekasi, otasi qaerda ishlashini, to'g'risi, bilmayman. - Mashinalaringiz bordir? Jasur Rafiqov: - Faqat Shohruhning mashinasi bor, men bilan Zohidda yo'q. - San'at yo'lini tanlaganlaringiz uchun, ayniqsa, estradaning rok, rep, ey-ren-bi yo'nalishlarida qo'shiq kuylaganlaringizda oila a'zolaringiz qarshilik qilishmaganmi? Jasur Rafiqov: - Boshida ozroq qarshiliklar bo'ldi, ja unchalik emas. Sh. I.: - Menda qarshiliklar bo'lmagan. Hatto, boshida ahamiyat ham berishmagan. Shunchaki qiziqish deb qarashgan. Keyin qarashsa, ish jiddiy tus olib ketdi, muxlislar orttirdik. Shundan so'ng qo'llab- quvvatlashdi. - Boshqalar tanqid qilishsa-chi? YEngil-elpi qo'shiqlar kuylashadi, milliylikka to'g'ri kelmaydi, deyishsa… Jasur Rafiqov: - Hech kimga keragingiz bo'lmasa, tanqid qilishmaydi. Tanqid qilishayaptimi, demak, kerakmiz. Albatta, tegishli xulosalar chiqaramiz, yanada kuchliroq ijod qilamiz. Sh. I.: - Tanqidlardan xursandmiz. Demak, ularning e'tiboriga tushibmiz. Biz haqimizda qancha ko'p gapirishsa, shunchalik e'tiborda ekanmizdan dalolat. - Qo'shiqlaringiz internetdan olinishi, telefonma-telefon o'tishi haqida gaplashdik. Disklaringizni axtarib yurganlarni ko'rdim. Nima, «Ummon» disklari sotuvga keng miqyosda chiqarilmayaptimi? Jasur Rafiqov: - Bor- yo'g'i bitta disk chiqarganmiz. Nomi «Ayriliq». Sh. I.: - U ham bor-yo'g'i o'n besh nusxada (kuladi). Jasur Rafiqov: - «Qaroqchilik» («piratskiy») yo'li bilan tarqalish avj olgani uchun bir- biridan nusxa ko'chirib va boshqa yo'llar bilan tarqatib yuborishdi. - Muxlisingiz Dilshod Qodirov (20 yosh) savoli: nima uchun kliplar ishlab, televidenieda namoyish ettirmaysiz? Istamaysizmi yoki moddiy sabablari bormi? Jasur Rafiqov: - Ijod uchun klip shart emas, qo'shiq ko'ngilga yaqin bo'lsa, muxlislarning o'zlari topib eshitishaveradi. Shu vaqtgacha klip ishlashga ishtiyoqimiz yo'q edi, lekin muxlislarimizning talabi borligini ham unutmadik. - «Bir hovli chetida ona yig'laydi…» qo'shig'i Shohruh degan yigitning xotirasiga bag'ishlangan. Muxlisangiz Noila Yahyoevadan yana bir savol: «Shohruh tirik- ku, nega uni o'ldiga chiqarib qo'shiq kuylashdi?» Jasur Rafiqov: - Qo'shiqni biz kuylamaganmiz. U endi tanilib kelayotgan Farrux Hamroevga tegishli. Bizning Shohruhga aloqasi yo'q. Sh. I.: - Qo'shiq chiqqan kezlari men ko'p konsertlarga borolmaganman, shuning uchun mishmish tarqalib ketdi. - Nega qo'shiqlaringiz ma'yus? Hali yoshsizlar, hijron, ayriliq haqida bu yoshda shunchalar armon bilan kuylash o'z-o'zidan bo'lmaydi… Jasur Rafiqov: - Yo'q, hammasi ham ma'yus emas, sho'xlari ko'p. Ijodimizning boshida ma'yusroq qo'shiqlar bilan ko'proq ko'zga tashlangan bo'lsak kerak. Dardli taronalar ko'pincha qalbga yaqinroq bo'ladi. Hozirgi kunda sho'x qo'shiqlarni ko'paytirayapmiz. - Yana bir muxlisangiz Dilafro'z Shermuhammadieva (20 yosh) savoli: «Ummon» guruhi yigitlarining sevgan qizlari bormi? Yoki hammasi uylanganmi? Sh. I.: - Birontamiz uylanganmaganmiz. Sevgilimiz ham yo'q. - Bo'lajak rafiqalaringiz qanaqa bo'lishi kerak? Jasur Rafiqov: - Bo'lajak rafiqam shunday bo'lishi kerakki… Sh. I.: - Yaxshisi, javob bermay qo'ya qol, Jasur. Bu haqda o'ylashga, gapirishga hali erta. - Jahon estradasida ham kompyuter orqali ovozlarga jilo beriladi. «Ummon» qo'shiqlarida ham texnik imkoniyatlardan foydalanilganlik ochiq seziladi… Jasur Rafiqov: - Ha, biz ham texnik vositalardan foydalanamiz. Qo'shiq har tomondan zamonaviy jihatlarga ega bo'lishi kerak. Muhimi, kompyuterdan foydalanilsa ham muxlislarga yoqadigan qo'shiq taqdim etishda, ovozda yangilik qilishda. Sh. I.: - Bir xillik odamni zeriktiradi. - Katta yoshlilarga mos qo'shiqlar kuylash niyatlaringiz ham bormi? Jasur Rafiqov: - Niyatlar bor. Sekin-sekin hammasi bo'ladi. - Turkiyalik savdogarlar «san'atkorlaringiz Turkiyaga kelsa, nuqul bozorga tushib, kiyim xarid qiladi» deyishadi. «Ummon» yigitlari liboslarni qaerdan sotib olishadi? Jasur Rafiqov: - Qaerda, qaysi kiyim yoqsa, xarid qilaveramiz. Asosan Toshkent shahridagi do'konlardan olamiz. Sh. I.: - Libos - san'atkorning yuzi. San'atkor hammaning diqqat-e'tiborida bo'ladi. - «Ummon» qaerlarda konsert berishga, gastrol safarlarida bo'lishga ulgurdi? Jasur Rafiqov: - O'zbekistonimizning barcha viloyatlarida konsert berishga ulgurdik. Qoraqalpog'iston va Qozog'istonda ham gastrol safarlari bilan bo'ldik. - «Ummon»ni Amerikada tinglashayotgani haqida qo'shiqlaringizda ta'kidlab o'tilgan. Demak, olis mamlakatlarga ham qo'shiqlaringiz etib borgan? Jasur Rafiqov: - Amerikada muxlislarimiz yo'q emas, bor. Bu gap to'qib chiqarilmagan. - Eng mashhur qo'shiqlaringiz qaysilar? Jasur Rafiqov: - Birinchi qo'shig'imiz «Sevaveraman»ning o'ziyoq muvafaqqiyat qozondi. Keyin «Sokin tun», «Sabab», «Bir umr», «Ayriliq», «Ko'zlaringda» kabi qo'shiqlarimiz mashhur bo'ldi. Hozirgi kunda eng ko'p eshitilayotgan qo'shig'imiz «Xiyonat». Sh. I.: - «Xiyonat» radiodagi xit-paradda to'rt hafta birinchilikni ushlab turdi. - Milliy yo'nalishdagi qo'shiqlarning hammasi ham kuchli emas. Muxlislaringiz aytishdiki, ayrim milliy qo'shiqlardan «Ummon» qo'shiqlaridagi samimiy va haqqoniylik kuchliroq. Menimcha, milliy, mumtoz qo'shiqlardan yoshlar hamisha ham o'zlariga mos hisni, dardkashlikni, ko'ngildagi gapni topolmayapti… Jasur Rafiqov: - Hammaning o'z muxlisi, o'z davri bo'ladi. Hozir bizni eshitishayaptimi, borib-borib eshitishmay qo'yadi. Chunki bizdan ham o'tadiganlar maydonga chiqadi. Hamma narsaning oxiri bor. - Muxlisingiz Umid Xushmurodov (16 yosh) savoli: «Ummon»ning do'stlari kimlar? Jasur Rafiqov: - Guruhlardan eng yaqini «Samroz». Ulardan tashqari yoshlar ichida ko'tarilib kelayotgan ijodkorlar Shahboz, Azizshoh bilan yaqin do'stmiz. - Qanday insonlarni hurmat qilasizlar? Sh. I.: - O'z kuchi, mehnati bilan natijalarga erishayotganlarni. - Hayotda biror maqsadga erishishda nimalar muhim? Jasur Rafiqov: - Faqat mehnat. Sh. I.: - Mehnat, izlanish, o'z ustida ishlash. J.R.: - Hamma narsaning davosi vaqt va sabr! Hali hammasi yaxshi bo'lib ketadi, kelajak oldinda axir! - «Ummon»ni doim hurmat qilamiz, mahzun qo'shiqlarini ko'zda yosh bilan tinglaymiz, «Ummon» baribir yagona, deyishdi WwW.HayoL.Uz saytimiz va ummon gurixi muxlislaringizga. Tilaklaringiz… J.R.: - Doimo sog'lik- salomatlik, oilaviy baxt, ish, o'qishlariga rivoj, omad.. Sh. I.: - Omad va ummondek cheksiz baxt tilaymiz! Xulosa: «Ummon» yigitlari oqko'ngil, zamonaviy, mehnatkash, o'z ustida ishlaydigan, bosiq yigitlar ekan. Yoshlarning kumiri Zohid bilan uchrasholmadim. Guruhdoshlarining gapidan xulosa qildimki, uning o'zi bir olam… Прикрепления: Rasm 1 | |
Категория: Shou-Biznes | Просмотров: 677 | | |