menu
person

08:55:26
“UZ” domenining rivojlanish jarayoni
Real hayotimiz bilan parallel ravishda virtual jamiyat ham taraqqiy etmoqda. Axborot texnologiyalari va intellektual salohiyat mahsuli himoblanmish ushbu olamning o‘z qonun-qoidalari, afzalliklari, yutuq va muammolari bor. Hozirgi kunda har birimiz virtual olamning bir vakiliga aylana olamiz va tabiiyki, bu jarayonga biz ham daxldor ekanligimizni sezamiz. Bugun davlat organlaridan tortib tashkilotlargacha, yuridik shaxslardan tortib oddiy fuqarolargacha o‘z saytlarini tashkil etish va u orqali turli yo‘nalishlarda faoliyat olib borish imkoni bor. Bu imkoniyatlar zamirida yurtimizda axborot texnologiyalari, global tarmoqning jadal taraqqiyot topayotgani va eng asosiysi, o‘z milliy domenimizga egaligimiz yotibdi. Bundan o‘n olti yil avval biz hech qanday tasavvurga ega bo‘lmagan "domen” tushunchasi bugun mamlakatning, qolaversa, har bir kishining virtual mulkiga aylandi. 1995 yilning 29 aprelida "UZ” domeniga ega bo‘lishimiz bilan internet olamida ham o‘z milliy boyligimizga, ramzimizga ega bo‘ldik. Aynan shu sanada o‘zbek internet resurslari dunyoga keldi.

"UZ” domenining rivojlanish jarayoni

"UZ” domenining joriy etilishi davlatimiz nomini jahonga yanada kengroq tanitish imkonini berdi. 2001 yilning yakuniga qadar "UZ” hududidagi domenga ega bo‘lish erkin tarzda amalga oshirilardi. Keyinchalik vaziyat ma'lum darajada chigallashdi. Gap shundaki, "UZ” domenining ma'muriy boshqaruvi "Euracom Equipment GmBH” (Germaniya) kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili "Tomas” firmasi orqali amalga oshirila boshladi. Bu esa domen narxining yuqori darajada ushlab turilishiga sabab bo‘lib, mahalliy aholiga uni rasmiylashtirishiga qiyinchiliklar tug‘dirardi. Natijada ko‘rsatkichlar quyidagi ko‘rinishga kelib qoldi: 2003 yilga qadar "UZ” domenida ikki yarim mingdan ziyod nomlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, ulardan atigi 650tasigina O‘zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslariga tegishli edi. Ko‘rinib turibdiki, milliy boylik hisoblangan domen nomlari asosan chetga chiqib ketayotgandi. Davlatimiz tomonidan bu muammoni zudlik bilan hal etish masalasi ko‘tarildi. IANA (The Internet Assigned Numbers Authority: Internet manzillar, shu jumladan, IP-manzil, butun fazosini taqsimlash ustidan, domen nomlari tarmoq xizmatining umumiy muvofiqlashtirilishini va boshqarilishini hamda yuqori darajadagi domenlarni vakil qilib yuborish ustidan nazoratni amalga oshiruvchi tashkilot) hamda AQSh tijorat departamenti bilan kelishilgan holda qator muzokaralar va o‘rganishlardan so‘ng, nihoyat, 2003 yilning may oyiga kelib, "UZ” yuqori domenini boshqarish huquqi Kompyuter va axborot texnologiyalarini joriy etish markazi "UZINFOCOM”ga berildi. Mazkur qarorning qabul qilinishi nafaqat siyosiy nuqtai nazardan muhim ahamiyat kasb etdi, balki internet tarmog‘idan foydalanuvchilar sonining o‘sishi hamda "UZ” domenida ro‘yxatdan o‘tuvchilar sonini oshirish bo‘yicha qator ishlarni bajarish uchun yo‘l ochib berdi.

"Tomas” firmasi orqali amalga oshiriladigan ilk yillarda domen narxi 89 AQSh dollari miqdorida edi. Bir ikki yil o‘tib, bu narx 50 AQSh dollari atrofiga tushirilgan bo‘lsa-da, bu ko‘plab mahalliy saytlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgandi. "UZINFOCOM” markazi tomonidan Toshkent shahri va viloyatlarda ".UZ” hududida ro‘yxatdan o‘tgan axborot resurslari sonini oshirish strategiyasining ishlab chiqilishi narxlarning sezilarli darajada pasayishiga omil bo‘ldi. Hozirda "UZ” domenidan ro‘yxatdan o‘tish bir yilga o‘rtacha 15-20 AQSh dollarini tashkil etadi. Uning muddatini uzaytirib borish uchun esa har yili 10-15 dollar to‘lanadi. Bugungi kunda eng arzon narxlar Amaliy Aloqa Biznesi (BCC) kompaniyasiga tegishli: domenni bir yilga ro‘yxatga olish 25 000 so‘m, muddatini uzaytirish 20 ming so‘m.

Ayni paytda mamlakatimizda yettita ro‘yxatdan o‘tkazuvchi domen nomlarini taqdim etish bilan shug‘ullanadi. Bular – Tomas, Amaliy Aloqalar Biznesi, Sarkor Telecom, Billur Com, Kompyuter Kommunikatsiya, Arsenal-D va Simus provayderlaridir.

"UZ” domeni ma'muriyati sayti – www.cctld.uz da keltirilishicha, bugungi kunda (2 may holatiga ko‘ra) faol domenlar soni 11894tani tashkil etadi.

Bo‘sh domen kerakmi? Marhamat!

Hozircha "UZ” hududida keragicha bo‘sh domenlar zaxirasi mavjud. Har kim o‘ziga yoqqan istalgan nomda domen olishga va sayt ochishga qiynalmaydi. Faqat, «INTERNET TARMOG‘I MILLIY SEGMENTINING DOMEN NOMIDAN FOYDALANISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA NIZOM»da ko‘rsatib o‘tilgan ayrim maxsus va rezervlangan domen nomlari bundan mustasno. Domen nomlaridan foydalanish tartibini o‘rnatish, internet tarmog‘i milliy segmentidagi yuqori darajadagi "UZ” domenida o‘z faoliyatini amalga oshiruvchi ishtirokchilarni va ularning o‘zaro hamkorlik qilish tartibini belgilash ushbu Nizom asosida amalga oshiriladi. Har bir jismoniy va yuridik shaxs domenga ega bo‘lishdan avval mazkur nizom bilan tanishib chiqsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shu o‘rinda ko‘pchilikda savol tug‘iladi: domen olish tartiblari to‘g‘risida qayerdan ma'lumot olish mumkin? Sizni qiziqtirgan barcha ma'lumotlar www.cctld.uz saytida keltirilgan. Deylik, sizni domen narxlari qiziqtiradi. Saytga kirib, "ro‘yxatdan o‘tkazuvchilar” bo‘limini ochasiz, u yerda barcha yettita ro‘yxatga oluvchi provayder haqida ma'lumotlar berilgan. Agar o‘zingizga olmoqchi bo‘lgan nomning bo‘sh yoki bandligini bilmoqchi bo‘lsangiz ham ushbu saytdan foydalanasiz. Unda ko‘rsatilgan maxsus joy (Whois)da nomni yozib, qidirib ko‘rsangiz bir necha soniyada u javobni aytib beradi.

Xizmatlar sifatining oshirilishi va yangi servislar

– "UZ” domeni hududi ma'muriyati sifat va qulayliklar borasida doimiy ravishda yangiliklarga qo‘l urib kelmoqda, – deydi UZINFOCOM markazi yetakchi mutaxassisi Yekaterina Kopyonkina. – "UZ” domeni hududi ma'murligi UZINFOCOM markaziga o‘tkazilganidan so‘ng, darhol Whois servisi yo‘lga qo‘yildi. Uning yordamida bir zumning o‘zida qaysi domenlar bo‘sh yoki bandligi, qaysi sanada muddati tugashi kabi ma'lumotlarni olish imkoni tug‘ildi. Shuningdek, "UZ” domenlari egalari uchun yana bir qator qo‘shimcha xizmatlar va servislar taqdim etildi.

Ro‘yxatga oluvchilar bilan munosabatlarni optimallashtirish maqsadida "UZ” domeni hududi ma'muriyati 2010 yilning 1 sentyabridan ular uchun tarif rejalarini o‘zgartirdi va to‘lovlarni milliy valyuta – so‘mga o‘tkazdi. Ro‘yxatga oluvchilar uchun bir domen nomini ro‘yxatga olish narxi bir yilga 16 000 so‘m, ikki yilga 32 000 so‘m, uch yilga 48000 so‘m etib belgilandi.

Domenning 15 yilligi munosabati bilan "UZ” domen nomlari egalari uchun "Shaxsiy kabinet” xizmati joriy qilindi. Bu – administratorlarga o‘z domenini boshqarish, uni doimiy nazorat qilib borish imkoniyatini berdi.

Shu bilan birga "xabardor qilish” xizmati ham takomillashtirildi. Hozirgi kunda domen egalari elektron manziliga domenning holati haqidagi xabar uch tilda olti marotabagacha jo‘natiladi.

Muhim voqealardan biri 2009 yili ro‘y berdi. Shu yildan boshlab domen nomlarini bir yo‘la 3 yilga ro‘yxatdan o‘tkazish imkoni tug‘ildi. 2011 yil Navro‘z bayrami arafasida esa 2 yillik ro‘yxatdan o‘tkazish ham amalga kiritildi. Shunday qilib, endilikda foydalanuvchilar ixtiyorida o‘z domenini birato‘la bir, ikki yoki uch yilga uzaytirish tanlovi mavjud.

Eng so‘nggi yangiliklardan biri bu – domen holati bo‘yicha SMS-xabar qilish xizmatining yo‘lga qo‘yilishi bo‘ldi. Bu xizmat ham xuddi elektron pochtaga xabar jo‘natilgani kabi ishlaydi. Ammo, xabarning foydalanuvchi mobil telefoniga SMS shaklida borib tushishi birmuncha qulay hamda ishonchlidir.

Yangi SMS-servis doirasida yana bir xizmat – SMS-so‘rov orqali Whoisdan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Domen holati bo‘yicha ma'lumot olish uchun whois (probel) uzinfocom (.uzni qo‘shmasdan domen nomlanishi) +998977985161 raqamiga jo‘natiladi. Xabarga javoban, domen nomi, ro‘yxatga olinish muddati, domenni ro‘yxatga olgan tashkilot, egasi va uning bog‘lanish telefonlari, elektron pochta va ro‘yxatga oluvchi haqidagi SMS kelib tushadi. Ushbu servis pullik emas, foydalanuvchi o‘z operatorining chiquvchi SMSlar uchun belgilangan narxini to‘laydi, xolos.

"UZ” domen hududi rivojlanish bosqichida. Ushbu bosqichda amalga oshirilayotgan har bir yangilik, chora-tadbir natijasiz qolmaydi, albatta. Shuningdek, internetning milliy segmenti rivojlanishi hamda mamlakatimizda global tarmoqdan foydalanuvchilar sonining oshib borishi bilan milliy domen rivoji ham jadallashib boraveradi

Прикрепления: Rasm 1
Категория: Kompyuter olami | Просмотров: 488 | Добавил: PANTERA_7 | Теги: www.fakultet.uz + odnoklasniki.ru
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]