menu
person

16:24:55
www.fakultet.uz
Istiqlolning 20 yillik shodiyonasi yurtimizning har bir go‘shasida katta xursandchilik, shod- xurramlikda kutib olinmoqda. Farg‘onada ham eng ulug‘, eng aziz bayram oldidan adabiyot ixlosmandlari bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, badiiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Viloyatimizda 1-4 iyunь kunlari O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov, O‘zbekiston xalq shoirlari Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo, Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboev, adabiyotshunos olimlar Umarali Normatov, Ibrohim G‘afurov, Bahodir Karimov, yozuvchi va publitsist Dadaxon Nuriy va boshqa bir qator ijodkorlar ishtirokidagi guruh bilan o‘tkazilgan adabiyot bayrami ham barchaga eng ulug‘, eng aziz bayram shukuhini baxshida etdi. Taniqli ijodkorlar Beshariq tumanida farg‘onacha mehmonnavozlik va bayramona kayfiyat bilan kutib olindi. O‘zbek adabiyotining zabardast namoyandalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar har bir ijodkor, har bir adabiyot shinavandalari uchun chinakam unutilmas, bir umr eslab yuradigan voqeaga aylandi. Beshariq tumanining Rapqon qishlog‘idagi sihatgohning so‘lim va shinam hududida tashkil etilgan tadbirda qo‘shni viloyatlardan, Farg‘onaning boshqa shahar va tumanlaridan olimlar, shoir va yozuvchilar, ko‘psonli adabiyot muxlislari ishtirok etdi. Ustoz ijodkorlarning chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. SHuningdek, mahalliy yosh ijodkorlar ham ustozlarga o‘z ijodlaridan namunalar o‘qib berdilar. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov: – 20 yil – bu nihoyatda voqealarga boy bo‘lgan, ko‘p sinovlardan o‘tilgan va O‘zbekiston tarixida chinakamiga 100 yillarga teng bo‘lgan davr bo‘ldi. Mamlakatimiz 20 yil oldingi holatiga o‘xshamaydi, odamlarimiz o‘xshamaydi, qalbimiz, ongimiz o‘xshamaydi. Biz dunyoda o‘z o‘rnini topgan, o‘zining mustaqil siyosati bilan hech qaysi bir davlatni etagini ushlamasdan, mana-man deb turib o‘z so‘zini aytayotgan elning farzandlarimiz. Dunyoning qaysi bir hududiga borsak boshimizni baland ko‘tarishga haqli farzandlarmiz. Biz baxtli insonlarmiz. Bugungi viloyatda bo‘lib o‘tayotgan adabiyot bayramiga o‘zimizning she’rlarimiz, so‘zimiz bilan yurtdoshlarimizni, farg‘onaliklarni ruhlantirmoq, 20 yillik to‘yimiz arafasidagi quvonchimiz bilan o‘rtoqlashyapmiz. Bayram O‘zbekiston tumani markazi Yaypan shahrida davom etdi. Tumandagi o‘zgarishlarni, yoshlarimizga yaratib berilgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar, o‘g‘il- qizlar ko‘zlaridagi shahdu shiddat, ertangi kunga bo‘lgan ishonchni ko‘rib hayratingiz oshadi. Yonib turgan ko‘zlar, shijoat-g‘ayrat, mehru muhabbatga limmo-lim ko‘ngillar she’riyatga naqadar chanqoqligini yaqqol guvohi bo‘lasiz. Toki bizning xalqimiz bor ekan, ko‘ngil omon ekan, adabiyot mangu yashaydi. Navqiron va barkamol yoshlarning ustozlar bilan uchrashuvi yuqori saviyadagi haqiqiy bayram bo‘ldi. Bahodir KARIMOV, adabiyotshunos: – O‘zbek xalqi ma’naviyatining qadim sarchashmalarini badiiy adabiyot, mumtoz, nafis so‘z tashkil etadi. Badiiy ijodga mamlakat miqyosida berilayotgan e’tibor, tabiiyki, ijod ahlining ko‘nglini xush qiladi. Farg‘ona viloyatining tuman va qishloqlarida o‘tayotgan adabiyot bayrami ijod ahli qalbidagi ezgu dil so‘zlarini ko‘pchilikka aytish imkonini beradi. Bir so‘z bilan olam guliston bo‘ladi. Bunday hayotbaxsh so‘zni faqat va faqat ulkan iste’dod egasi, yetuk shoir va yozuvchi aytadi. Joylarda, xususan, Rapqon qishlog‘i, Yaypan shahridagi uchrashuvlarda xalqimizning ijod ahlining ko‘ngli, so‘zlariga naqadar tashna, mushtoq ekanini ko‘rdim. Nafis so‘zga beqiyos ehtirom bor farg‘onaliklarning elimiz ardoqlagan ulkan shoiri Erkin Vohidov, xal shoiri Iqbol Mirzo, xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboev, O‘zMU professori Umarali Normatovning so‘zlarini jon qulog‘i bilan, butun vujud-vujudi bilan tinglaganlariga guvoh bo‘ldim. Odam odam bilan tirik. Ijod ahli o‘quvchi-kitobxonlari bilan asrdan asrga o‘tadi. Nazarimda, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan bunday adabiy uchrashuvlarda qatnashayotgan adiblar o‘z o‘quvchilari oldida qaysidir ma’noda hisobot ham beradilar. O‘quvchi bilan ijodkorning jonli muloqotlari tabiiyki, ma’naviy yuksalish, insonning qalb-ko‘ngil tarbiyasi uchun xizmat qiladi. Menimcha, Anvar Obidjonning hazil- huzullari, adabiyotshunos, tarjimashunos olim Ibrohim G‘ofurov aytgan hikmatlar, o‘qilgan hayajonli she’rlar uchrashuv ishtirokchilarining xayolida uzoq vaqtlar saqlanab qoladi. Nazarimda, bunday keng ko‘lamli adabiyot bayramlarini ijod ahli ham, muxlislar ham qo‘msab yashashi kerak. Ijodkorlar tadbirning ikkinchi kunida Farg‘ona tumanidagi Huvaydo majmuasini ziyorat qildilar. Bu yerda olib borilgan obodonchilik, ko‘kalamzorlashtirish ishlari, Huvaydo maqbarasi bilan tanishdilar. Ijodkorlar Oltiariq tumanida milliy taomilga ko‘ra non-tuz va karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi. Hamza shaharchasidagi madaniyat uyida o‘tkazilgan adabiy anjumanda tuman hokimi X.Komilov so‘zga chiqib, bu tadbir ma’naviy-ma’rifiy sohadagi yuksalishlarning namunasi sifatida tuman aholisiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlayotganini ta’kidladi. Xudoyberdi TO‘XTABOEV, O‘zbekiston xalq yozuvchisi: – SHu kunlarda butun mamlakatimiz, xususan, Farg‘onada g‘oyatda saodatli, g‘oyatda quvonchli shodiyonalar o‘tyapti. Xalqimiz istiqlolning o‘tgan yigirma yili mobaynida erishgan katta yutuqlari, bunyodkorlik ishlari, ilm-ma’rifat, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, qo‘yingki barcha sohalardagi katta-katta muvaffaqiyatlar bilan bir-birlarini qutlamoqdalar. Ayni lahzalarda meni bir jihat juda ham quvontiradi, u ham bo‘lsa, bolalarimiz, yoshlarimiz baland- baland dovonlarni zabt etishayotir. Ularda ilm- fanni o‘rganish, milliy madaniyat va qadriyatlarimizni e’zozlash, boy tariximizni tadqiq etishga bo‘lgan muhabbat kuchayib bormoqda. Bu muhtaram Yurtboshimizning «Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart» degan ezgu niyatlariga aynan mos ekanligi juda ham quvonarlidir. Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan yigirma yil davomida yurtimizda chuqur bilim-tafakkur orqali dunyoga chiqish istagida bo‘lgan yangi avlod shakllandi. Mamlakatimizda dunyoqarashi, yurtga bo‘lgan muhabbati, mehnatga ixlos qo‘ygan, yuksak madaniyatli barkamol avlod kamol topdi. Demakki, davlatimiz rahbari to‘g‘ri yo‘lni tanlaganlar. SHu yo‘ldan zabardastlik bilan yurib, dunyo miqyosidagi qudratli davlatlar qatoridan o‘rin olmoqdamiz. O‘tkazilayotgan bu kabi adabiyot bayramlari esa, ma’naviyati boy xalqimizning ma’naviyatiga nurli to‘lqinlarni kiritishi shubhasiz, albatta. O‘z navbatida bu kabi yuzma-yuz muloqotlar, adabiyot muxlislari olqishi biz ijodkorlarga cheksiz ilhom beradi. Adabiyot bayramining uchinchi kuni Quva tumanida bobokalonimiz Ahmad al-Farg‘oniy nomli majmua ziyoratidan boshlandi. Buyuk vatandoshimiz poyiga guldastalar qo‘yildi. Elning ardoqli shoir, yozuvchilarga yuksak ehtirom sifatida quvalik adabiyot muxlislari ham rangorang guldastalar bilan shu maskanda hozir bo‘ldilar. Tuman hokimligining majlislar zalida adabiy kecha, mushoira bo‘lib o‘tdi. Katta kontsert dasturi namoyish etildi. Ibrohim G‘OFUROV, adabiyotshunos, tarjimon: – Bir necha yildirki, Farg‘onada adabiyot, san’at, ma’naviyat bayramlarini o‘tkazish yorqin an’anaga aylandi. Bayram kunlari viloyat, tumanlar va shaharlarida aholining keng qatlamlari o‘rtasida qizg‘in uchrashuvlar o‘tkaziladi. Etti yashardan yetmish yashargacha bo‘lgan kishilarning she’riyatga, san’atga bo‘lgan ixlosu ishtiyoqini ko‘rib quvonamiz. El-yurt orasida qanchadan- qancha talant egalari, ixlosu e’tiborli odamlar ko‘pligidan va ularga istiqlol nashidasi ilhom bag‘ishlayotganini ko‘rib, ko‘nglimiz ko‘tariladi. Bu safar biz uchrashuvlarimizni Farg‘onaning Besharig‘idan boshladik. O‘zbekiston Qahramoni, atoqli xalq shoiri Erkin Vohidov yetakchiligidagi ijodkorlar guruhi Rapqon, Yaypan qishloq ahillari o‘z hamyurtlari taniqli adabiyotshunos, fan arbobi A.Qodiriy, A.Qahhor singari ulkan san’atkorlar ijodi bo‘yicha ajoyib mo‘’jizalar yaratayotgan Umarali Normatov, o‘zining «Sariq devni minib» dunyo kezayotgan Hoshimjon bilan mashhur bo‘lgan farzandi Xudoyberdi To‘xtaboevlar bilan istiqlolning 20 yilligi har birimizning hayotimizda tutgan o‘rni haqida miriqib suhbat qurdilar. Ayniqsa, Yaypandagi uchrashuvda mustaqil O‘zbekiston bilan tengdosh 20 yillik ijodkorlarning chiqishi hammamizni quvontirdi. Farg‘onada faxr bilan tilga oladigan ijodkorlar juda ko‘p. Va men bu yerda Maqsuda Ergashevaning bog‘- tuproq falsafasiga to‘la she’rlari, o‘ta halol, samimiy, e’tiqodi mustahkam, vijdon ovoziga quloq tutib ish tutadigan ijodkor Bahodir Iso, mening nazarimda Farg‘onaning jonli timsoliga aylangan jurnalist, shoir, jamoatchi Omon Hoshim, hozirgi adabiy jarayonda o‘zlarining diqqat-e’tiborga loyiq romanlari, qissalari, hikoyalari bilan yangi sahifa ochayotgan Tilavoldi Jo‘raev, Alisher Ibodinov, yana qanchadan-qancha o‘tkir qalam sohiblari, fidokorona xizmatlari bilan tanilgan Oxunjon Hakimov, Enaxon Siddiqovalar to‘g‘risida to‘lib-toshib gapira olaman. Ha, Farg‘ona adiblari, shoirlarining umummilliy adabiyotimiz ravnaqiga qo‘shayotgan hissalari katta. Paydar-pay chiqayotgan, zamon va tarix voqealarini yoritayotgan, davr kishilarining tez o‘zgarib borayotgan voqelik qaynovlarida o‘z o‘rnini topish, mehnat bilan o‘z baxt-iqbolini yaratish, izlanish- intilishlarini haqqoniy yoritish, badiiy ta’sirchan tasvirlayotgan e’tiborli romanlar, qissalar, xotiralar, dramalar, she’riy asarlar – O‘zbekiston Prezidentining ma’naviyat, madaniyat, san’at, badiiy adabiyot, jurnalistikani rivojlantirishga ko‘rsatayotgan amaliy g‘amxo‘rligiga munosib javobdir. Mustaqillik tufayli Farg‘ona uyg‘ondi, farovonligi, go‘zalligi yanada ortdi. Ayni chog‘da yurtimizning bu go‘zal yurt, go‘zal odamlarning husnu tarovatiga qarab to‘ymaydi kishi. Go‘zallik boqiy yo‘ldoshing bo‘lsin, Farg‘ona! Hayajonlarga, taassurotlarga to‘la o‘tgan adabiyot bayrami tantanalari viloyat markazi Farg‘ona shahrida davom etdi. SHoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar Farg‘ona Davlat universiteti qoshidagi 3-sonli akademik litseyda o‘quvchi- yoshlar bilan uchrashdilar. Ularning shonli Istiqlolning 20 yilligiga atalgan amaliy tadbirlari bilan yaqindan tanishdilar, qizg‘in muloqotlar olib bordilar. Tadbirning asosiy qismi sahnlari anvoyi gullar, viloyat ma’naviy- ma’rifiy hayotini aks ettiruvchi shiorlar bilan bezatilgan Yusufjon qiziq SHakarjonov nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama va komediya teatrida ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi. Teatr foyesida adabiy- badiiy ko‘rgazma, yangi nashrdan chiqqan kitoblar savdosi tashkil etildi. Bog‘ingga nihol eksang, uni parvarishlab, meva berguncha uni atrofida tinmay mehnat qilasan. Meva solgandan keyin, uni mahsulini, zahmatlaring rohatini ko‘rasan. SHu ma’noda, o‘z "bog‘ida” o‘stirayotgan yosh navnihollarni ustozlar ko‘rigidan o‘tkazish, ularga oq fotiha olib berish ustoz zimmasida bo‘ladi. Tadbirda o‘z she’riy namunalari bilan chiqish qilgan "Oltin qalam” hamda "Jahon otin Uvaysiy” to‘garagi a’zolari ustozlari oldida sinovdan o‘tdilar. Yosh shoirlar o‘z she’rlarini chet tillarga tarjima qilib, ingliz, nemis, yapon, rus tillarida o‘qib berdilar. Mamlakatimiz tomonidan yosh iste’dodlarni qo‘llab- quvvatlash bilan birga, o‘zbek adabiyotini jahonga olib chiqish va bu bo‘yicha tarjima maktablarini yaratish, yoshlarni ana shu yo‘lda tarbiyalash dolzarb vazifa qilib belgilangan. Bugun ommaviy she’rxonliklar, uyushtirilgan maxsus adabiy uchrashuvlar kamaygandek tuyulishi mumkin. Lekin o‘zlikni, o‘z shaxsini anglash jarayoni ketayotgan bir paytda buning psixologik jihatlari ham bor. Yoshlarga ba’zi o‘rinli-o‘rinsiz e’tirozlar ham bo‘lyapti. Umuman olganda, butunlay yangi avlod shakllanyapti. Ularning sevgisi, didi, kiyimi boshqacharoq bo‘lishi tabiiy. Adabiyot bayramida qatnashgan yoshlarni ko‘rib, ularda Vatanga, tabarruk tuprog‘imizga mehri, Istiqlol va Yurtboshiga sadoqati ba’zilar chamalagandan ko‘ra yuz karra ortiqroq ekanligini his qilasiz.
Прикрепления: Rasm 1
Категория: Dunyo xabarlari | Просмотров: 592 | Добавил: AYUBHON_1991 | Теги: www.fakultet.uz + odnoklasniki.ru
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]